Ishonch telefoni: +998 79 544-40-10
Devonxona: +998 79 544-40-10

Вид

A
A
A

Размер шрифта

A-
A+

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”ga Qonuni va undagi asosiy tushunchalar

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”ga Qonuni va undagi asosiy tushunchalar

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-611 son Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 –yil 21-noyabrda qabul qilingan. Senat tomonidan 2020-yil 28-fevralda maʼqullangan. Mazkur Qonunning maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

Axolini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

Aholini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʻtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;

Aholini roʻyxatga olish sanasi — aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);

Respondentlar — aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

Roʻyxatga olish varagʻi — koʻrsatilgan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;

Roʻyxatga olish hujjatlari — aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;

Roʻyxatga oluvchi xodimlar — Oʻzbekiston Respublikasining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga jalb etilgan, maxsus oʻquvdan oʻtgan voyaga yetgan fuqarolari;

Uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Uy xoʻjaligi bitta shaxsdan iborat boʻlishi mumkin.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish; shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini roʻyxatga olishlar oraligʻidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi; shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi; aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Davriylik prinsipi - Aholini roʻyxatga olish oʻn yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror sanasi va muddati koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, roʻyxatga olishni oʻtkazish moʻljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.

Umumiylik va bir paytdalik prinsipi-Aholini roʻyxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir maʼlumotlarni barcha respondentlardan yigʻish Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning oʻzida amalga oshiriladi.

Roʻyxatga olishning yakka tartibdaligi prinsipi  Shaxsga doir maʼlumotlar yigʻilayotganda roʻyxatga olish varagʻi har bir respondent uchun yakka tartibda toʻldiriladi.

Shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi prinsipi Aholini roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy boʻlib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.

Aholini roʻyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi prinsipi  Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish aholini roʻyxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.

 

Bizning telegram kanalimizga obuna bo'ling!