Ma’lumki, yurtimizda aholini roʻyxatga olish yuzasidan keng qamrovli ishlar boshlab yuborildi. Albatta bu bugungi kun zarurati oʻlaroq amalga oshirilmoqda. Yurtimizda oxirgi marta aholini roʻyxatga olish jarayoni bundan 35- yil avval boʻlib oʻtgani bu masalaning hozirda qanday ahamiyat kasb etishini koʻrsatib beradi. Misol uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zo mamlakatlarni har 10 yilda aholini toʻliq roʻyxatga olishni tavsiya etadi, chunki bu kelgusi dekadalarda mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik qarorlarni qabul qilish uchun asos boʻla oladigan ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlanish imkonini beradi.
Aholini roʻyxatga olish nafaqat aholi soni va demografiyasi balki oilaviy ahvoli, yashash sharoiti, bandligi, jinsi, yosh darajalari, fuqaroligi, hududlarda aholi zichlik darajasi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari haqida ishonchli ma’lumot toʻplash imkonini beradi. Bu oʻz navbatida hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam koʻrsatish, boʻsh ish oʻrinlarini tashkil etishga yordam beradi. Bundan tashqari hududlarning xaritalaridagi mavjud xatoliklarga yechim topish boʻyicha aniq takliflar berish imkonini vujudga keltiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi 710-son qarorga muvofiq aholini roʻyxatga olish 2023-yida oʻtkazilishi belgilandi. Tadbirga tayorgarlik koʻrish maqsadida joriy yilning 1-25-noyabr kunlari mamlakatimizning toʻrt hududi: Andijon viloyatining Xo'jaobod tumani, Xorazm viloyatining Хiva shahri, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani hamda Toshkent shaharning Yashnobod tumanlarida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish ishlar amalga oshirildi. Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish natijasida shakillangan ma’lumotlar sinov oʻtkazilgan hududlar Boshqarmalari qoshida tashkil etilgan birlamchi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish markazlarida ma’lumotlar bazasiga kiritilmoqda.
Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishning yakunlari boʻyicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- Roʻyxatga olish dasturi, roʻyxatga olish hujjatlari shakillari, roʻyxatga olishni oʻtkazish usullari, roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlari hamda foydalaniladigan axborot texnalogiyalari sinov natijalari tahlil qilinadi;
- Sinov natijalariga koʻra aholini roʻyxatga olish dasturi, metodik qoʻllanmalar va normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi hamda ma’lumotlarni qayta ishlash usullari va aholini roʻyxatga olish yakunlarini shakillantirish zarurati yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish boʻyich kuzatilgan muammolar, boʻlib oʻtadigan asosiy aholini roʻyxatga olish jarayonlarida kuzatilmasligi uchun, joylarda doimiy targ’ibot va tashviqotlar hamda keng koʻlamli tushuntirish ishlari olib borish maqsadga muvofiq. Roʻyxatga olish natijalari mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida muhimdir.
Xatirchi tumani Statistika bo'limi